Uzluksiz-uzviylik

“Uzluksiz va uzviy” metodik tadbirlarni amalga oshirish bo’yicha tavsiyalar

                  Ma’lumki davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qabul qilingan, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi hamda uning uzviy va mantiqiy davomi bo’lmish 2004–2009 yillarda Maktab ta’limini rivojlantirish Davlat umummilliy dasturi doirasida mamlakatimizda keng ko’lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Mamlakatimizda ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy va ma’rifiy taraqqiyotning “O’zbek modeli” hamda uning hosilasi bo’lmish ta’limning milliy modelini dunyo hamjamiyati e’tirof etmoqda. Mamlakatimizda ettita ta’lim turidan iborat, bir-biri bilan chambarchas, ketma-ketlikda, izchil va uzviy bog’langan, yaxlit uzluksiz ta’lim tizimi joriy etildi. Bugungi kunda ilm-fan, texnika va ishlab chiqarish sohalarining tez sur’atlarda jadallik bilan rivojlanishi ta’lim tizimi xodimlaridan ta’lim-tarbiya sifatini mazmun jihatidan yangi bosqichga ko’tarishni talab etib, har bir tizim xodimi, ayniqsa o’qituvchilar zimmasiga yanada yuksak mas’uliyat va vazifalarni yuklaydi. Ta’lim-tarbiya tizimining bugungi kundagi asosiy vazifasi o’quvchilarni Vatanimizni sevadigan, o’z bilimi va iste’dodiga suyanadigan hamda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalardan foydalangan holda mustaqil ravishda puxta bilim oladigan, O’zbekistonning qudratli davlat bo’lishiga o’z hissasini qo’shadigan, har tomonlama barkamol, sog’lom qilib tarbiyalashdan iborat. Mazkur vazifalar, eng avvalo samarali darslar orqali amalga oshiriladi. Samarali dars o’qituvchining umumiy tayyorgarligi orqali, umumiy tayyorgarlik esa uzluksizlik va uzviylik tamoyiliga asoslanadi. Vazirlik tizimida keyingi yillarda ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan bir qator ijobiy ishlar amalga oshirildi. Xususan, umumiy o’rta hamda o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limning Davlat ta’lim standartlari, o’quv dasturlari va darsliklarning mazmunan uzviylik va uzluksizligini ta’minlash, ta’lim-tarbiya sifatini mazmun jihatidan yangi bosqichga ko’tarish maqsadida o’quv dasturlari uzluksizlik va uzviylik nuqtai nazaridan tahlil qilindi natijada umumta’lim fanlari bo’yicha umumiy o’rta ta’lim tizimida jami 1260 soat hajmdagi mavzular optimallashtirildi. Hozirgi zamon talablaridan kelib chiqib, ta’lim mazmuni samaradorligini oshirish, o’quvchi shaxsini har tomonlama rivojlantirish maqsadida Evropaning rivojlangan mamlakatlari hamda mamlakatimizda chet tillari bo’yicha uzluksiz ta’lim tizimining davlat ta’lim standartlari va o’quv dasturlarini ishlab chiqish tajribasiga asoslangan holda, kompetentsiyaviy yondashuvga asoslangan umumta’lim fanlari bo’yicha uzluksiz ta’limning davlat ta’lim standartlari va o’quv dasturlari loyihalari tayyorlandi. O’qituvchining o’z fanidan o’quvchilarda shakllantiradigan bilim, ko’nikma va malakalarning nimalardan iboratligi, unga qo’yilgan davlat talablari, bunga erishishning maqbul yo’llari va uslublarini hamda uning asosi, tartibga soluvchi mezonlarini bilishi o’quv-tarbiya jarayonini to’g’ri tashkil etishning eng muhim omilidir. Bugungi o’qituvchi qo’lida olib yurgan asosiy ish quroli hisoblangan taqvim mavzu reja va darslikning mazmunini chuqur anglay bilishi juda muhim. Buning uchun u eng avvalo, o’z dars berayotgan fanga Davlat ta’lim standartlarida qo’yilgan talablar, ushbu talablarni bajarish uchun sinf xonasida doska oldida turib o’tadigan dars soatlari, ya’ni o’quv rejasini hamda o’quv dasturi mazmun mohiyatini tushunib etsagina mustaqil ravishda TAQVIM MAVZU REJA tuza oladi va pirovard natijaga erishadi. Buning uchun albatta hozirgi zamon o’qituvchisidan kompetentsiyaviy yondashuv talab etiladi. Kompetentsiya – bu biror bir sohaga oid bilim, ko’nikma va malakalar va ularni amaliyotda qo’llay olish. Shu maqsadda “UZLUKSIZ VA UZVIY” tashkiliy-metodik tadbirlarini amalga oshirish tavsiya etiladi. Eng avvalo, har bir o’qituvchi o’zi dars berayotgan fani bo’yicha o’quv me’yoriy hujjatlarni yaxshi bilishi lozim. Jumladan, umumiy o’rta ta’limning “Davlat ta’lim standarti” (keyingi o’rinlarda “DTS”) boshlang’ich hamda umumiy o’rta ta’lim nihoyasida o’quvchilar egallashi lozim bo’lgan bilim, ko’nikma va malakalarning darajasini belgilab beradi, o’quv reja va dasturlar, darsliklar, qo’llanmalarni ishlab chiqishda asos bo’lib xizmat qiladi. Davlat ta’lim standartlarining tarkibiy qismlari: bilim – o’rganilgan materiallarni eslab qolish va tushuntirib berish; ko’nikma – o’rganilgan bilimlarni tanish vaziyatlarda qo’llay olish; malaka – o’rganilgan bilim va shakllangan ko’nikmalarni notanish vaziyatlarda qo’llay olish va yangi bilimlar hosil qilish; Tayanch o’quv reja – o’qitiladigan fanlar nomi, o’quv soatlari hajmi hamda ularning sinflar bo’yicha taqsimoti belgilangan me’yoriy hujjat bo’lib, maktabning moliyaviy ta’minotini begilashga asos bo’ladi. O’quv dasturlari – DTSda belgilangan talablarni bajarish uchun o’quvchining psixo-fizilogik qobiliyatlarini, boshqa fanlar bilan o’zaro bog’liqligini inobatga olgan holda o’quv rejada belgilangan fan o’quv soatlar hajmida mavzularning ketma-ketlikda taqsimlanishi; Taqvim mavzu reja – O’quv yili davomida har bir darsda o’tiladigan mavzularning (masala echish, laboratoriya mashg’ulotlari va nazorat ishlarini bajarish) choraklar bo’yicha yilning oyi, kunlari bo’yicha taqsimlanishi. Baholash tizimi – Davlat ta’lim standarti bo’yicha egallanishi lozim bo’lgan bilim, ko’nikma va malakalarni o’quvchilar tomonidan o’zlashtirilishini aniqlaydigan mezon. Har bir o’qituvchi o’z fanidan taqvim mavzu reja ishlab chiqishi uchun Davlat ta’lim standarti, o’quv dasturi, o’quv reja hamda ularga berilgan tushuntirish xatlarining mazmun-mohiyatini puxta bilishi lozim. Buning uchun maktab direktori, uning o’rinbosarlari bu hujjatlarning pedkengash, metod kengash va metod birlashmalarda o’qituvchilar tushunadigan sodda, ravon, oddiy, jonli muloqot tilida chuqur o’rganilishini tashkil etishlari zarur. Ta’limning sifatini oshirishga xizmat qiladigan omillar yuzasidan ta’lim muassasalaridagi metod kengash yoki metod birlashmalarning aniq takliflarini har chorakda bir marta, o’rnatilgan tartibda ta’limning boshqaruv idoralariga kiritib borilishi maqsadga muvofiq. O’qituvchi o’zi dars beradigan o’quv faniga oid yangi ilmiy va metodik adabiyotlarning mazmuni bilan, o’qitishning ilg’or pedagogik texnologiyalari bilan tanishishi va qo’llashi o’tadigan darslari sifatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Pedagogning o’tadigan dars mavzusiga oid tegishli ko’rgazma qurollarni, o’quv-jihozlarini va texnik vositalarni (kompyuter, proektor, elektron doska, televizor, DVD pleer va h.k.) to’g’ri tanlashi o’quvchilarning mavzuni o’zlashtirishiga ijobiy ta’sir ko’rsatadi. O’qituvchining o’z faniga oid yangiliklar, oxirgi qabul qilingan o’quv me’yoriy hujjatlar bilan muntazam tanishib borishi hamda ish hujjatlarini shular asosida yuritishi zamonaviy o’qituvchi faoliyatiga beriladigan baho mezonlaridan biridir. Xalq ta’limi vazirligining www.uzedu.uz, www.eduportal.uz, Respublika ta’lim markazining www.rtm.uz hamda www.ziyonet.uz, www.utube.uz veb-saytlaridagi, shuningdek vazirlik muassisligidagi nashrlardagi materiallardan foydalanish darslarni samarali va sifatli tashkil etishda muhim manbaalar bo’lib xizmat qiladi. Jumladan, www.utube.uz veb-saytida barcha o’quv fanlaridan videodarslar va videoroliklar joylashtirilgan. O’quv me’yoriy hujjatlarni o’qituvchilar shaxsiy elektron ma’lumot tashuvchi vositalar (fleshka, kompakt disk)da saqlashlari turli sharoitlarda ulardan unumli foydalanish imkoniyatini kengaytiradi. Eng muhimi bu tavsiyalar hisobotbozlik uchun emas, o’quv jarayonini to’g’ri tashkil etish uchun, ta’lim sifatini oshirish uchun ishlab chiqilgan. Pedagogik jamoalar ijodiy yondashgan holda bu tavsiyalar asosida oddiy va ta’sirchan metodlarni ishlab chiqishlari mumkin.