Sog`lom turmush tarzi

           Bolaning dunyoqarashi, odatlari, hissiyotining shakllanishida ota-onaning shaxsiy namunasi muhim ahamiyatga ega. Ota-onalarning yaxshi tarbiyalanganligi farzandlarida milliy axloq normalariga asoslangan xislatlarning paydo bo’lishida katta rol o’ynaydi. Bolaning o’z sog’lig’iga va atrofdagilar salomatligiga bo’lgan munosabati ham dastlab oilada paydo bo’ladi. Tarbiya jarayonida o’z salomatligini asrab-avaylashga alohida e’tibor qaratishni bolalarning ongiga singdirib borish lozim. «Qush uyasida ko’rganini qiladi», — deydi xalqimiz. Agar oilada inson salomatligiga, shaxsiy gigienaga yaxshi e’tibor beriladigan bo’lsa, farzandlar ham kelajakda shunday hayot kechiradilar. Ta’lim muassasalarida sog’lom turmush tarzini targ’ib qilishda kutilgan natijaga erishish uchun o’quvchilar bilan bir qatorda ularning ota-onalarning ham gigienik bilimlarini oshirishga alohida ahamiyat berish lozim. Buning uchun ta’lim muassasalarida tibbiy-axborot xizmatini tashkil qilish va u orqali o’quvchilar va ularning ota-onalarini qiziqtirgan savollarga maktab vrachi hamda tibbiy mutaxassislar tomonidan javoblar berishni tashkil etish mumkin. Shuningdek, umumta’lim maktablarida tashkil etilgan «Seshanba – sport va salomatlik kuni» doirasida mutaxassislarni taklif etgan holda «Jismoniy tarbiya va chiniqishning ahamiyati», «O’quvchilarning aqliy mehnati gigienasi», «Ijtimoiy-foydali mehnat gigienasi», «Shaxsiy gigiena», «Yuqumli kasalliklarning oldini olish», «Ovqatlanish gigienasi», «Jarohatlanishning oldini olish» kabi mavzularda savol-javob darslari va davra suhbatlarini o’tkazish maqsadga muvofiq. O’quvchilarning gigiena, sog’liqni saqlash bo’yicha bilimlarining taxminiy hajmi ota-onalarga ma’lum bo’lishi va ular ham gigienik tarbiyaning pedagogik printsiplariga amal qilishlari kerak. Yoshi ulg’aygan sari bola uchun uy vazifasini bajarish, dam olish, me’yorida uxlash, sport bilan shug’ullanishning ahamiyati oshib boradi. Maktabda berilgan bilimlarning uy vazifasi orqali mustahkamlanishini ta’minlash uchun har bir ota-ona uyda farzandiga etarli sharoit yaratib berishi va uning bajarilishini kuzatib borishi kerak va bu sharoit sanitariya-gigiena talablari doirasida bo’lishi lozim. Shu o’rinda ota-onalar 1-4-sinf o’quvchilarining dars tayyorlashi uchun 1-1,5 soat, 5-7-sinflar uchun 1,5 — 2 soat, 8-9-sinf o’quvchilari uchun 2-4-soat vaqt zarurligini bilishlari foydadan holi emas. O’quvchilar salomatligini ta’minlash, ularni ozodalikka o’rgatish tarbiyada katta ahamiyatga ega. Bu sohada boshlang’ich sinf o’quvchilari bilan ishlashda gigiena talablariga amal qilish, ayniqsa, muhimdir. Ovqatlanishdan oldin, shuningdek hayvon va qushlar bilan o’ynab bo’lgach, qo’lni tozalab yuvish shartligini o’qituvchi amaliy jihatdan tushuntirib borishi lozim. Ota-ona har kuni bolani uyquga yotishidan oldin tish va oyoqlarini tozalab yuvishga o’rgatishi, buning uchun har bir bola o’zining maxsus sochig’i, tish cho’tkasi, sovuni, soch tarog’iga ega bo’lishi va ulardan foydalanishning yo’l-yo’riqlarini bilishlari lozim. Bu odat o’smirlarning poklik va ozodalik tarbiyasiga ko’nikma uyg’otadi. Yuqoridagi tadbirlar farzandlarimizning kelajakda ham jismonan, ham ma’nan sog’lom bo’lib ulg’ayishlarining dastlabki omillaridir.

О Qobiljon Umarov

Fidoying bo`lgaymiz seni, O`zbekiston !

Fikr qoldiring

Sizning emailingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.To'ldirish shart bo'lgan bandlar *

*