Maqollar

Adashmagan til,

Toyrilmagan tuyoq yo‘q.

***

Aytguvchi nodon bo‘lsa,

Tinglovchi dono kerak.

***

Achchig‘ing chiqsa ham, aqling qochmasin.

***

Aql bilan odob egizak.

***

Aql bozorda sotilmas.

***

Aql – boshda,

G‘ayrat – yoshda,

Asl – toshda.

***

Aql boshlaydi,

Oyoq tashlaydi.

***

Aql boshlovchi,

Tana ishlovchi.

***

Aql bo‘y bilan o‘lchanmas.

***

Aql toshi – inson boshi.

***

Aql-farosat – nisbi karomat.

***

Aql o‘lchovi – so‘z,

So‘z o‘lchovi – naql.

***

Aqlga yondosh,

Jahldan qoch.

***

Aqldan ortiq boylik yo‘q.

***

Aqli kaltaning tili uzun.

***

Aqli kirmagan qaridan,

Ziyrak tug‘ilgan bola yaxshi.

***

Aqling ko‘r bo‘lsa, ko‘zdan ne foyda.

***

Aqlli do‘st – rohat,

Aqlsiz do‘st – ofat.

***

Aqlli o‘zini ayblar,

Aqlsiz – do‘stini.

***

Aqlli o‘ylaguncha, tentak suvdan o‘tar.

***

Aqlli qizni yig‘latish ham qiyin,

Kuldirish ham.

***

Aqlliga aytsang, biladi,

Aqlsizga aytsang, kuladi.

***

Aqllidan el rozi,

Ahmoqdan dil norozi.

***

Aqlsiz gap tashir,

Oqibatda bosh qashir.

***

Aqlsiz og‘zidagini oldirar.

***

Ahmoq ahmoq emas,

Ahmoqni ahmoq qilgan ahmoq.

***

Ahmoq boshdan aql chiqmas,

Aql chiqsa ham, ma’qul chiqmas.

***

Ahmoq kalla oyoq og‘ritar.

***

Ahmoq otdan tushsa ham,

Egardan tushmas.

***

Ahmoq o‘zi so‘zlab, o‘zi kular.

***

Ahmoqniki – og‘zida,

Podshoniki – g‘aznada.

***

Ahmoqning katta-kichigi bo‘lmas.

***

Ahmoqqa salom berdim,

Besh tanga tovon berdim.

***

Besalom odam – to‘ng,

Beaql odam – gung.

***

Betamizda uyat yo‘q,

Ahmoqda – niyat.

***

Bilgan so‘zni ayt,

Bilmas so‘zdan qayt.

***

Bilgan topib gapirar,

Bilmagan – qopib.

***

Birovning holiga kulmagin zinhor,

Sening ham holingga kulguvchilar bor.

***

Botirdan yaxshi ish qolar,

Donodan – so‘z.

***

Boshda aql bo‘lmasa, oyoqda tinim yo‘q.

***

Boshi yo‘qning oshi yo‘q.

***

Boshliq bo‘lsang, boshli bo‘l.

***

Boqqa bulbul yarashar,

Odamga – aql.

***

Burgaga achchiq qilib, ko‘rpaga o‘t qo‘yma.

***

Burgani deb, po‘stinni olovga tashlama.

***

Bo‘yga boqma, o‘yga boq.

***

Bo‘ying tengi bilan yurma,

Aqling tengi bilan yur.

***

Gapni gapir uqqanga,

Jonni jonga suqqanga.

Gapni gapirib netasan,

Onasi bemahal tuqqanga.

***

Dono bajarar ishni,

Nodon sindirar tishni.

***

Dono bilan yursang, dono bo‘lasan,

Ahmoq bilan yursang, rasvo bo‘lasan.

***

Dono qarisa ham, donoligi qarimas.

***

Donoga ish – shon-u shuhrat,

Nodonga ish – g‘am-u kulfat.

***

Donoda mehr bo‘ladi,

Nodonda – zahr.

***

Fozillar fazilati – hayot ziynati.

***

Husn to‘yda kerak,

Aql – kunda.

***

Idrok – aqlning jilovi.

***

Inson aqli – olmos.

***

Kalla boshqa, salla boshqa.

***

Kar eshitganini qo‘ymas,

Ko‘r – tutganini.

***

Kim gapirganga boqma,

Nima gapirganga boq.

***

Ko‘p bilgan oz so‘zlar,

Oz bo‘lsa ham soz so‘zlar.

***

Ko‘p yashagan ko‘p bilmaydi,

Ko‘p o‘qigan ko‘p biladi.

***

Ma’rakada topib gapirgan – dono,

O‘zini tutib o‘tirgan ham – dono.

***

Nodon bilan sirdosh bo‘lma.

***

Nodon o‘z aybini ko‘rmay,

Kishi aybini qidirar.

***

Nodonning dili – tilida,

Dononing tili – dilida.

***

Odamning yuziga boqma,

So‘ziga boq.

***

Odamning husniga baho berma,

Aqliga baho ber.

***

Oz-ozdan o‘rganib, dono bo‘lur,

Qatra-qatra yig‘ilib, daryo bo‘lur.

***

Oy nuri tunni yoritar,

Odam aqli – hayotni.

***

Oldiga kelganni yemak –

Hayvonning ishi.

Og‘ziga kelganni demak –

Nodonning ishi.

***

Oldingdagini ko‘rib, fikr qil,

Orqadagini ko‘rib, shukur qil.

***

Olim bo‘lsang, olam seniki.

***

Otalar so‘zi – aqlning ko‘zi,

Onalar so‘zi – baxtning o‘zi.

***

Podshong qarg‘a bo‘lsa, yeganing go‘ng bo‘lar.

***

So‘mdan savdo qildim,

Boshimga g‘avg‘o qildim.

***

Tan pardozi oltmishgacha,

Aql pardozi o‘lguncha.

***

Teran daryo tinch oqar.

***

Tog‘ning ko‘rki tosh bilan,

Odamning ko‘rki bosh bilan.

***

Turnadan qorovul qo‘ysang,

Tepangdan qiyqiruv ketmas.

***

Ulug‘lik yoshda emas, boshda.

***

Yigitning aqli – ko‘zida.

***

Yuz ishchiga – bir boshchi.