Ma`naviyat kuni

            Ta’lim muassasalarida «Ma’naviyat kuni»ni tashkil etish yuzasidan tavsiya Vatanimiz mustaqilligining ma’naviy asoslarini mustahkamlash, milliy qadriyatlarimiz, an’ana va urf-odatlarimizni asrab-avaylash, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod qalbi va ongiga ona yurtga muhabbat, istiqlolga sadoqat tuyg’ularini chuqur singdirish masalasi bugungi kunda tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Dunyo miqyosida mafkuraviy, g’oyaviy va informatsion kurashlar kuchayib, odamlar ongi va qalbini egallash borasidagi kurash jarayonlari tobora murakkablashib borayotgan hozirgi murakkab va tahlikali davrda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni zamon talablari asosida tashkil etish, yoshlarimizni turli mafkuraviy xurujlardan himoya qilish, yurtdoshlari-mizning hayotga ongli munosabatini shakllantirish, yon-atrofga yuz berayotgan voqealarga daxldorlik hissini oshirish, mamlakatimiz mustaqilligi, tinch-osoyishta hayotimizga xavf tug’dirishi mumkin bo’lgan tajovuzlarga qarshi izchil kurash olib borish, mafkuraviy ishlarini samarali olib borish, targ’ibot-tashviqot ishlarini muntazam to’g’ri va aniq rejalar asosida tashkil etish vazifasi oldimizda turibdi. Mustaqillik yillarida muhtaram Prezidentimiz tomonidan ma’naviy-ma’rifiy sohaga yo’naltirilgan bir qancha farmon va qarorlari qabul qilindi. Jumladan, 2006 yil 3 aprelda imzolangan “Aholi o’rtasida olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy va targ’ibot tashviqot ishlarining ta’sirchanligi va samarasini oshirishga qaratilgan qo’shimcha chora-tadbir-lar dasturi to’g’risida”gi PQ 317-sonli qarorda xalqimizni dunyoda kechayotgan murakkab siyosiy, mafkuraviy kurashlardan muntazam xabardor qilish, jahonda va yon-atrofimizda sodir bo’layotgan voqea hodisalarga nisbatan fuqarolarimizda ongli munosabatni shakllantirish, ularda milliy manfaatlarimizni chuqur anglash va himoya qilish, shu aziz Vatan uchun, uning buguni va ertasi uchun daxldorlik va mas’ullik tuyg’usini yanada kuchaytirishga qaratilgan ma’rifiy ishlarni amalga oshirish yo’l-yo’riqlari aniq bayon etilgan. “Milliy g’oya targ’iboti va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligi-ni oshirish to’g’risida”gi 2006 yil 25 avgustdagi PQ 451-son qarorida ham vatanimiz mustaqilligining ma’naviy asoslarini mustahkamlash, milliy qadriyatlarimiz, an’ana va urf-odatlarimizni ko’z qorachig’idek asrab avaylash, hozirgi murakkab va tahlikali davrda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni zamon talablari asosida tashkil etish, yoshlarimizni turli mafkuraviy xurujlardan himoya qilish, yurtdoshlarimizning hayotga ongli munosabatini shakllantirish, yon atrofda yuz berayotgan voqealarga daxldorlik hissini oshirish, mamlakatimiz mustaqilligi, tinch osoyishta hayotimizga xavf tug’dirishi mumkin bo’lgan tajovuzlarga qarshi izchil kurash olib borish vazifalari aniq-ravshan belgilab berildi. Qarorga binoan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining tarkibiy tuzilishi o’zgartirildi. Uning tarkibidagi Milliy mafkura ilmiy targ’ibot markazi “Milliy g’oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi”ga Respublika “Ma’naviyat va ma’rifat” markazi “Respublika Ma’naviyat targ’ibot markazi”ga aylantirildi. Shu tariqa ma’naviy-ma’rifiy ishlarning ikki qanoti – ilmiy-amaliy va targ’ibot yo’nalishi yuzaga keldi. Ayniqsa, Islom Karimovning «Yuksak ma’naviyat – engilmas kuch» kitobining chop etilishi mamlakatimiz ma’naviy hayotida muhim voqea bo’ldi. Ushbu kitobda insoniyat uchun hamma zamonlarda ham eng buyuk boylik bo’lib kelgan ma’naviyatning ma’no-mazmuni, uning inson va jamiyat hayotidagi o’rni va ahamiyati, bu murakkab va serqirra tushunchaning nazariy va amaliy tomonlari har tomonlama keng qamrovli fikr va xulosalar orqali tahlil etilgan. Ayni paytda, istiqlol yillarida yurtimizda milliy ma’naviyatimizni tiklash, uni zamon talablari asosida rivojlantirish bo’yicha amalga oshirilayotgan ulkan ishlar, bu borada oldimizda turgan maqsad va vazifalar haqida atroflicha fikr yuritilgan. Bugungi murakkab globallashuv davrida ma’naviyat sohasida vujudga kelayotgan dolzarb muammolar, xalqimiz ma’naviyatini asrash va yuksaltirish, ayniqsa yosh avlodning qalbi va ongini turli zararli g’oya va mafkuralar ta’siridan saqlash va himoya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. “Yuksak ma’naviyat – engilmas kuch” asari muallifning “…nafaqat davlat rahbari, avvalambor, buyuk tarix, madaniyat va ma’naviyat egasi bo’lgan xalqimizning bir farzandi sifatida, ana shu bebaho boylikni asrab-avaylash, uni har xil oshkora va pinhona hujumlardan himoya qilish haqida qayg’uradigan bir inson sifatidagi” uzoq yillik kuzatuvlari, mushohadalari va hayotiy tajribasi asosida dunyoga kelgan. Unda “…inson yuksalishida ma’naviyat olamining qanday ta’sir va ahamiyatga ega ekani, shuningdek, ma’naviyatga qarshi qaratilgan xurujlarning real xavfi haqida atroflicha fikr yuritish, xalqimiz yangi hayot, yangi jamiyat asoslarini qurayotgan hozirgi murakkab va tahlikali zamonda odamlarni bunday xatarlardan ogoh etish, el-yurtimiz, keng jamoatchilik e’tiborini bu masalalarga yana bir bor qaratish, kelajak avlodimizni ma’naviy sog’lom va barkamol etib tarbiyalash bilan bog’liq” maqsad va vazifalar o’z ifodasini topgan. Asarni o’rganish o’quvchini “ma’naviyat” tushunchasining boy olami va yangi kengliklariga olib kiradi, ma’naviyat haqidagi tasavvurlarini boyitadi, eng muhim ma’naviy kamolot sari intilishga da’vat etadi va unga eltuvchi yo’llarni ko’rsatib beradi. Asar kundalik hayot bilan uzviy bog’langan, bildirilgan fikrlar teran mazmunga ega bo’lishi bilan birga, samimiy va lo’nda, dildagi gaplar aytilgan va bayon usuli soddadir. “Ma’naviyat kuni”ni tashkil etishda “Yuksak ma’naviyat – engilmas kuch” asaridan keng foydalanish tavsiya etiladi. Mazkur asar nafaqat o’quvchining kitob javonini bezaydi, balki, uning qalbi va ruhiyat olamini ham bezaydi, fikrlashga va mulohaza qilishga undaydi. Qadim zamonlardanoq Turon, Turkiston xalqi o’zining ko’hna boy tarixi, merosi, rang-barang va yuksak madaniyati, urf-odat va an’analari bilan ajralib turgan. Bu xalqning buyuk siymolari milliy va jahon ilm-fani va madaniyatining barcha sohalari rivojiga salmoqli hissa qo’shib kelganlar. Prezidentimiz I.A. Karimov ta’kidlaganidek, Vatanimiz azaldan bashariyat tafakkur xazinasiga unutilmas hissa qo’shib kelgan. Asrlar mobaynida xalqimizning yuksak ma’naviyati, adolatparvarlik, ma’rifat-parvarlik, kabi ezgu fazilatlari Sharq falsafasi va Islom dini ta’limoti bilan uzviy ravishda rivojlandi va o’z navbatida falsafiy-ahloqiy ta’limotlar ham xalqimiz dahosidan bahra olib boyib bordi. Hech bir xalq, o’z-o’zini anglamasdan milliy madaniyatini, milliy qadriyatlarini avaylab-asrab saqlamasdan turib boshqa xalqlarning qadriyatlariga hurmat-izzat bilan qaray olmaydi. Shuning uchun milliy qadriyatlarning tiklanishi umuminsoniy qadriyatlar sari rivojlanishning yakkayu yagona yo’lidir. Mustaqil O’zbekistonimizning kuch-qudrati, xalqimizning umuminsoniy qadriyatlariga sodiqligidadir. Yuqoridagi fikrlarni nazarda tutib, ta’lim muassasalarida o’tkaziladigan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning aniq maqsad asosida, zamonaviy usul-uslublarni qo’llagan holda tashkil etish katta ahamiyat kasb etadi. Respublikamizdagi barcha umumiy o’rta ta’lim maktablarida oyning ma’lum kunida “Ma’naviyat kuni” deb e’lon qilinishi, ma’naviy-marifiy yo’nalishdagi tadbirlarni o’tkazilishi, Vatanga sodiq, millatparvar, iymon-e’tiqodi mustahkam, insoniy munosabatlarni o’zida mujassam etgan barkamol avlodni voyaga etkazishda muhim o’rin egallaydi. Ta’lim muassasalarida “Ma’naviyat kuni”ni qanday tashkillash-tirish maqsadga muvofiq? Uni oyning qaysi kunida o’tkazgan ma’qul? Mavzularni belgilash shakl va mazmun, qanday bo’lishi mumkin? Ta’lim muassasalarida “Ma’naviyat kuni”ni o’tkazishdan maqsad: — Vatan va vatanparvarlik tuyg’ularini tarkib toptirish; — sharqona milliy urf-odatlar, an’analar davomiyligini ta’minlash; — ma’naviy madaniyatning barcha qirralarini o’quvchi-yoshlar ongiga singdirish; -millat ruhi, g’ururi, o’zlikni anglash, xalqqa sadoqatlilik, umuminsoniy qadriyatlarga amal qilishni ta’minlash; -ta’lim tizimida sharq va g’arb davlatlarining ta’lim-tarbiyada erishgan yutuqlari bilan tanishish va ulardan eng afzallarini amaliyotga joriy qilish; -islom dini va unda olg’a surilgan ma’naviy axloqiy ta’limotni o’quvchi-yoshlarninng yosh va psixologik xususiyatlariga qarab, dastur, darslik va uslubiy qo’llanmalarga kiritish; — ijtimoiy hamkorlik, dinlararo bag’rikenglikni shakllantirish, millatlararo totuvlikni tarbiyalash; — har bir o’quvchining mustaqil fikrlashiga va ijodiy izlanishiga, intellektual salohiyatining oshishiga ko’mak berish; — adolatparvarlik va qat’iyatlilik ruhini barqarorlashtirish; — ma’naviyatning jamiyatning yangilanishidagi rolini ular ongiga singdirish; — hushyorlik va sezgirlikni, qat’iyat va mas’uliyatni shakllantirish; — o’zibo’larchilik, beparvolik, mas’uliyatsizlik, insoniy va axloqiy aqidalarni poymol qilish, tajovuzkorlikning turli ko’rinishlariga nisbatan qat’iy kurashchanlik ruhini tarbiyalash; — globallashuv jarayonlarida ma’naviy taxdidlarga fikrga qarshi fikr, g’oyaga qarshi g’oya shiori ostida g’oyaviy kurashga tayyorlash; Yuksak ma’naviyatli – ma’rifatli, barkamol, komil insonni tarbiyalash; Ta’lim-tarbiyada umuminsoniy, milliy va ma’naviy qadriyatlarning ustuvorligini ta’minlash; Oila, mahalla, maktab, keng jamoatchilik bilan hamkorlik, komil inson tarbiyasidagi muhim omil ekanligini ko’rsatib berish; O’quvchi-yoshlarni ajdodlar merosiga munosib voris ekanliklariga ishontira olish; Millat obro’si, qadr-qimmati, mustaqillik mohiyati, Vatan istiqbolini chuqurroq anglatish, Vatan va xalq oldidagi burch va mas’uliyatini bilish ruhida tarbiyalashdan iborat. Ta’lim muassasalarida “Ma’naviyat kuni”ni o’tkazishdagi vazifalar: Mavjud kamchiliklarni bartaraf qilish, yoshlarimiz tarbiyasida ota-ona va ta’lim muassasalari mas’uliyatini yanada oshirish; Har bir ta’lim muassasasida sog’lom ijtimoiy-psixologik, ijodiy va ma’naviy muhitning barqaror bo’lishiga erishish, ta’lim va tarbiya jarayoniga salbiy ta’sir ko’rsatuvchi har qanday holatlarni kelib chiqish sabablari va oqibatlarini ota-ona, o’quvchi, pedagogik jamoa birgalikda muhokama qilish va ularga barham berish; Ta’lim muassasalarida o’quvchilar o’rtasida ma’naviy-ma’rifiy ishlarning ta’sirchanligi va samarasini aniqlash hamda pedagogik jamoaning ma’naviy-ma’rifiy faoliyatiga baho berish maqsadida so’rovnomalar o’tkazish, natijalarini muhokama qilish; Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha alohida yutuqlarga erishgan o’quvchi, ota-ona va pedagog xodimlarni ma’naviy va moddiy rag’batlantirish, o’zaro tajriba almashinuvini kuchaytirish; Ma’naviy – ma’rifiy ishlarning metodik ta’minotini yaxshilash, ta’lim muassasalarini milliy g’oya targ’iboti va ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish bo’yicha zamonaviy adabiyotlar, metodik qo’llanmalar va tavsiyalar bilan ta’minlash, bu borada homiylar bilan hamkorlikni kuchaytirish; O’quvchilarda axborot olish va tarqatish madaniyatini shakllantirish, O’quvchini axborotni qaysi manbadan olishidan qat’iy nazar to’g’ri talqin qilishga o’rgatish, salbiy mazmundagi axborotni qiyoslashi, to’g’rini noto’g’ridan, oqni qoradan ajratishi uchun muqobil axborotni o’z vaqtida berishdir. Tarbiyaviy soatlar “Ma’naviyat kuni”ning asosini tashkil etishini nazarda tutib, ta’lim muassasalarida sinf rahbarlari, o’qituvchilar, etakchilar asosiy e’tiborni ma’naviy, axloqiy, mehnat, estetik, vatanparvarlik, ekologik, huquqiy va iqtisodiy tarbiyaga yo’naltirsalar ko’zlagan maqsadga erishgan bo’lamiz. Masalan, o’quvchilarning huquq va burchlari, ularga belgilangan talablar, maktab ichki tartibiga amal qilishda quyidagilarga e’tiborni qaratish: Maktab o’quvchisi huquq doirasida o’z insoniy qadr-qimmatlarini hurmat qilishi, vijdon va axborot erkinligini his qilishi, o’z qarashlari va e’tiqodlarini erkin ifoda etishi, maktabning namunaviy Ustavida ko’rsatilgan kiyinish madaniyatiga qo’yilgan talablarga rioya etishi, o’quvchi qizlarning sochlari tekis turmaklangan, mashg’ulot jarayonida bosh kiyimsiz, pardozsiz o’tirishlari, o’g’il bolalar sochlarini o’stirmagan holda kelishlari, jamoat joylarida «zamonaviy moda» deb tizzasi yirtilgan shim, g’arbning jangari film qahramonlari aks ettirilgan kiyimlarni kiymasliklari, dars jarayonida o’quvchilarning masjidlarga bormasliklari talab etiladi. Shuningdek, internetda yoshiga mos kelmaydigan saytlarga kirishi, turli o’yinlarni o’ynash, musiqali kliplarni ko’rish maqsadida foydalanishlari, mashg’ulotlar jarayonida, jamoat joylarida tinimsiz uyali aloqa vositasida gaplashishlari, uyali aloqa vositalarining o’ta baland ovozga sozlanishi, o’quvchining yoshi va ijtimoiy mavqeiga mos bo’lmagan, ma’naviy-axloqiy tarbiyasiga salbiy ta’sir ko’rsatuvchi musiqa(rington)larni o’rnatishlari va tarqatishlari, uyali aloqa vositalarini bezatishda (WaIIrareg yoki «zastavka»), bezaklar, simvollar, qo’g’irchoq va boshqa shu kabilardan foydalanishlari zararli oqibatlarga olib kelishi xususida tushuntirish ishlarini olib borish lozim. Shu bilan birga o’quvchining darsda, tanafusda o’zini tutish odobi haqida alohida to’xtalib o’tish maqsadga muvofiq. “Ma’naviyat kuni”da o’tkaziladigan tadbirlarda albatta, ota-onalarni taklif etish, ularning huquq va burchlari, majburiyatlari nimalardan iborat ekanligi haqida tushunchalar berish foydadan xoli bo’lmaydi. Jumladan, ta’lim muassasasida tashkil etilgan Vasiylik kengashi, ota-onalar qo’mitasi, ota-onalar universiteti faoliyatida ishtirok etish, ta’lim muassasasi rahbariyati va pedagogik jamoa bilan yaqindan hamkorlik qilish, farzandining ta’lim muassasasida qabul qilingan yagona o’quvchilar formasida kelishini, tasdiqlangan mashg’ulotlar jadvali asosida o’z vaqtida mashg’ulotlarga darsliklar va o’quv-qurollari bilan kelishini ta’minlashi, farzandining bo’sh vaqtlarini madaniy va mazmunli o’tkazishi uchun ta’lim muassasasida faoliyat olib borayotgan to’garaklar, kuni uzaytirilgan guruhlarda muntazam qatnashishini ta’minlash, uyida farzandining mustaqil shug’ullanishi uchun etarli shart-sharoitlar yaratish, ijaraga berilgan darsliklarni farzandi tomonidan avaylab-asrashni nazorat qilish, darsliklar ijarasi uchun mablag’larni o’z vaqtida to’lash, farzandini sog’lom turmush tarziga o’rgatish, sog’lom oilaga tayyorlash, turli salbiy oqimlar ta’siridan himoya qilish, jinoyatchilik va qonunbuzarlik-dan asrash, sportga jalb etish haqida tushunchalarni berish maqsadga muvofiq. Ta’lim muassasalari yosh avlodni etuk, ma’naviy boy, barkamol, komil inson bo’lib rivojlanishida asosiy poydevor vazifasini o’tar ekan, bu borada o’quvchilarning tashqi qiyofasi, maktabda o’quvchilarning kiyinish madaniyatiga e’tibor berish ta’lim-tarbiya jarayoniga ijobiy ta’sir ko’rsatadi. Bir xil libos o’quvchilarni ko’p jihatdan teng saqlaydi va bu tenglik ularning e’tiborini o’qishga, o’rganishga jalb etadi. Bola ham o’z navbatida maktabga faqat bilim olish, o’rganish uchun kelganligini dildan his etadi. Qolaversa, kalta yubka, engsiz liboslar yoki millatimizga xos bo’lmagan liboslarga o’ralish holatlariga ham chek qo’yadiki, bu ham maktabda vujudga keladigan ijobiy muhitga salbiy ta’sir etadi. Maktab tarixini yaratish, uning tashkil bo’lgan davridan boshlab, to hozirgi kungacha bo’lgan maktabni tashkil etish jarayoni, ta’lim-tarbiya mazmuni, maktab taraqqiyoti omillari, uning asoslari nimalardan iborat ekanligiga alohida e’tiborni qaratish nihoyatda muhim. Maktab tarixi solnomasini tahlil qilish va ulardan hayotiy xulosalar chiqarish dasturiy harakatlar yo’llanmasini belgilashga yordam beradi. Maktab mustaqil davlatimiz ijtimoiy hayotida faol qatnasha oladigan, idrokli va qobiliyatli, o’zining tarixiy ildizlarini anglashga qodir, vataniga, xalqiga cheksiz mehr-muhabbat his-tuyg’ulari bilan to’lib-toshgan avlodni kamol toptiradigan muqaddas dargohdir. Ana shunday, mo’’tabar ilm maskanining tarixini o’rganmoq bugungi avlod uchun ham qarz, ham farz. Quyidagi mazmunda stendlar, albomlar, bukletlar, devoriy gazetalar tayyorlash mumkin: — «Maktabimiz tarixini bilasizmi?»; — «Maktabimiz faxriylari»; — «Maktabimiz fidoyilari»; — «Maktab va kelajak»; — «Maktabimiz istiqboli»; — «Maktab va hayot»; — «Ilm – ziyo dargohi»; — «Maktab – qutlug’ dargoh»; — «Maktabimiz o’tmishidan lavhalar»; — «Maktab – o’tmishda, hozirda va kelajakda». Ma’naviyat insoniylikni namoyon etadigan xususiyat ekanligini, ajdodlarimizning aynan shu masalalarda ibratli tajribalarga erishganini, boy ma’naviy meros yaratganini bilamiz. U bizning ko’pming yillik tariximiz, tilimiz va dinimiz, yozma va og’zaki yodgorliklarimiz, san’at va adabiyotimiz, ilm-fanimiz timsolida zamonlar osha yashab kelmoqda. Shu sabab ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy ishlar ko’lamini takomillashtirish, “Ma’naviyat kuni”ni mazmunli va samarali tashkil etish maqsadida quyidagilarni tavsiya etamiz: — Ta’lim muassasasida tajribaga ega bo’lgan, obro’li pedagoglardan iborat tashviqot guruhlari tashkil etish, axloqiy-tarbiyaviy, ma’rifiy-madaniy targ’ibot va tashviqot ishlarini kuchaytirish, milliy ma’naviyatimizning ma’no-mohiyati, qadimiy ildizlari, noyob va betakror namunalari, bugungi kunda rivojlanish tamoyillarini aks ettiruvchi, aniq maqsadga qaratilgan tadbirlar rejasini ishlab chiqish; — bugungi kunda amalga oshirilayotgan davlat siyosatining ustivor yo’nalishlari, keng ko’lamli islohotlarning mohiyati, qabul qilingan qonun hujjatlar va davlat dasturlarining ahamiyatini atroflicha sharhlash va tushuntirish ishlarini olib borish; — o’quvchilar o’rtasida Vatanga muhabbat, insonparvarlik fazilatlari, milliy urf-odat, an’ana va qadriyatlarning hayotimizdagi o’rni va ahamiyatini ochib beruvchi ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish; — yurtimizga qarshi qaratilgan g’oyaviy va informatsion xurujlar, ularning ortida turgan kuchlarning g’arazli maqsadlarini fosh qilish, o’quvchi-yoshlarni hushyorlik va ogohlikka da’vat etuvchi tadbirlar tashkil etish; — yozuvchilar, shoirlar, olimlar, siyosatchilar, mahalla faollari, “Kamolot” YoIH vakillari ishtirokida samarali targ’ibot ishlarini yo’lga qo’yish; — oila, mahalla, maktab hamkorligi markazlari ish faoliyatini kuchaytirish, o’quvchilar ongiga milliy g’urur, tarixiy xotira, komil inson tarbiyasi bilan bog’liq bo’lgan tuyg’ularni singdirishning ta’sirchan usullaridan foydalanish, ajdodlarimizning ma’naviy merosini bugungi taraqqiyot talablari bilan uzviy holda rivojlantirish, o’quvchi-yoshlar o’rtasida targ’ibot ishlarini milliy va umumbashariy qadriyatlar uyg’unligi asosida tashkil etish; — o’quvchilarni muqaddas islom dini va falsafasi, aziz avliyolarimizning ibratli hayoti, qutlug’ qadamjolar, boshqa diniy konfessiyalarga nisbatan hurmat-ehtirom va bag’rikenglik ruhida tarbiyalash, jamiyatning sog’lom turmush tarzi, millatlararo totuvlik, o’zaro mehr-oqibat muhitini mustahkamlash bo’yicha tadbirlarni o’tkazishni keng yo’lga qo’yish; — o’quvchilar qalbida milliy tafakkur va sog’lom dunyoqarash asoslarini musta’kamlash, ularning ongli yashashga, o’z fikriga ega bo’lishga, turli ma’naviy tajovuslarga qarishi sobit tura olishga qodir bo’lgan, irodali, fidoyi va vatanparvar insonlar etib tarbiyalashga yo’naltirilgan davra suhbatlari, uchrashuvlar tashkil etish; Turli yo’nalishdagi to’garaklar, fan to’garaklari ishini rivojlantirish; — Maxsus reja asosida teatrlarga, muzeylar va tarixiy obidalarga tarbiyalanuvchilarni sinf rahbarlari, tarbiyachilar rahbarligida olib borishni tashkil etish; — O’quv-tarbiyaviy ishlarni yuksak tashkil qilish, o’quvchilarning dunyoqarashini kengaytirish, har bir fanni ma’naviy-ma’rifiy ruhda o’qitish, fanlar o’rtasidagi aloqalarni ma’naviyat tarbiyasiga bog’lab olib borish bo’yicha “Ma’naviyat va aniq fanlar falsafasi”, “Ijtimoiy fanlar moslashuvi”, “Tabiiy fanlar tizimida ma’naviyatni singdirish”, “Musiqiy darslarida va ma’rifiy ishlar samarasi” mavzularida seminar-o’quvlar tashkil etish; — Mamlakatimiz Mudofaa Kuchlari haqida tushuncha berish, harbiy qismlarga ekskursiya uyushtirish, harbiy xizmatchilarni o’quv muassasalariga taklif qilish, harbiy oliy o’quv yurtlari kursantlari bilan uchrashuvlar o’tkazish, harbiy texnika haqida suhbatlar uyushtirish; — O’quvchi-yoshlar o’rtasida O’zbekiston davlatining jahon hamjamiyatida tutgan o’rni, istiqlol davrida qo’lga kiritgan yutuqlar, muvaffaqiyatlarni aks ettiruvchi bukletlar, referatlar, albomlar, devoriy gazetalar tanlovini o’tkazish; — “Qudratli davlat farzandlarimiz” yoki “O’zbekiston kelajagi bizning qo’limizda” mavzusida yuqori sinf o’quvchilari bilan davra suhbati o’tkazish; — Mafkuraviy, g’oyaviy informatsion xurujlar to’g’risida, o’quvchilarga turli zararli oqimlar ta’siridan himoya qilish maqsadida IIV bilan hamkorlikda «E’tiqodim, sadoqatim sengadir yurtim» mavzusida tok-shou o’tkazish. — Yurtimizda yashab ijod etgan buyuk allomalarning jamiyat taraqqiyoti, komil inson tarbiyasi to’g’risidagi g’oyalarini o’quvchilar ongiga etkazish, xalqimizning boy madaniyati, umuminsoniy qadriyatlarning ahamiyatini ko’rsatish; — Islom dini – iymon, axloq, diyonat va ma’rifat dini ekanligini. «Islom dini – ma’rifat nuri-ziyosi» mavzusida davra suhbatini tashkil etish; — Vatan, xalq manfaati, milliy qadr-qimmat, or-nomus hamma narsadan ustun ekanligi, iymonli, e’tiqodli kishilar uchun Vatan ona kabi muqaddas va bitta ekanligini o’quvchilar ongiga singdirish uchun «Sen muqaddassan Vatan», «Vatan yagonadir, Vatan bittadir», «Ona yurt o’g’lonlari», «Milliy g’oya, mafkura va yoshlar», «Seni ardoqlaymiz, aziz Vatanim», «O’zbek xalqi hech qachon, hech kimga qaram bo’lmaydi» kabi mavzularda turli xil tadbirlar o’tkazish. — Milliy o’zlikni anglash xalqning ma’naviy kamolotiga bog’liqligi, milliy ma’naviyatning ildizlarini o’rganishi, ma’naviyat, jamiyat, davlat, millat, shaxs rivojlanishi va kamolotining asosiy omili ekanligini ochib berish uchun «Ma’naviyat yulduzlari», «Ajdodlar merosi muqaddas», «Ma’naviyat buloqlari», «Qadimiy udumlar va biz» mavzularda davra suhbatlari, uchrashuvlar, bahs- munozaralar tashkil etish; — Markaziy Osiyoda yashab ijod etgan buyuk allomalarning jamiyat taraqqiyoti, komil inson tarbiyasi to’g’risidagi ma’naviy merosini o’rganishga bo’lgan qiziqishini o’stirish. (Abu Nasr Farobiy, Ibn Sino, H.V.Koshifiy va boshqalar) — Bizga meros qolgan xalq og’zaki ijodi namunalarini, rang-barang ma’naviy merosni, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylashda «Xalq qo’shiqlarini o’rganamiz», «Afsona va miflarda qahramonlik», «Rivoyatlar tarbiyaga chorlaydi», «Tarbiyada o’zbek milliy o’yinlarining ta’siri» nomli tok shoular, ko’rik-tanlovlar, bahs-munozaralar o’tkazish; Yuqoridagi fikrlar umumlashtirilib darsdan so’ng o’tkaziladigan fan to’garaklari, tarbiyaviy soat mashg’ulotlar mavzulariga singdiriladi. O’quvchi-yoshlar o’rtasida kitob bilan ishlashni, kitobxonlikning ahamiyatini keng targ’ib etish: umumta’lim maktablarining kutubxona-lari chorakda 1 marta «Kitoblar mo’’jizasi» yoki «Kitoblar olamiga sayohat» mavzusida ko’rgazma tashkil etish maqsadga muvofiq. U faqat ko’rgazma bo’lib qolmay balki eng kitobxon o’quvchilar taklif etilib kitob haqidagi fikri va eng sevimli asari qahramonlari ramziy tasvirini ifoda etib berishi ko’rgazma ishtirokchilari tasavvurida chuqur iz qoldiradi. O’quvchilar o’zlari sevib o’qigan asarlari yuzasidan taqrizlar yozishni o’rgansalar yanada yaxshiroq bo’ladi. O’quvchilar o’zlari sevib o’qigan asarlari yuzasidan taqrizlar yozishni o’rgansalar yanada yaxshiroq bo’ladi. Yoki o’qigan asarlari taassurotlari asosida o’quvchining ijod namunalari (kichik hikoya, she’r, hajviya) ko’rgazmaga qo’yiladi. Eng faol qatnashgan ishtirokchilar rag’batlantiriladi. O’quv yili boshida barcha sinf o’quvchilari o’rtasida daxldorlik tuyg’usini tarbiyalash maqsadida «O’quvchilarning burchi – xalq mulkini ko’z qorachig’idek saqlash» mavzusida yig’ilish o’tkazilishi maqsadga muvofiq. Yig’ilish davomida «Kitobning tug’ilishi», «Kitobning paydo bo’lishi» xususida chuqur to’xtalib o’tish, nashriyot va bosmaxonalarga sayohatlar uyushtirish, «Kitob qanday vujudga keladi», «Kitob san’ati haqida» mavzularida konferentsiyalar o’tkazish, «Kitoblar kasalxonasi», «Doktor Aybolit», «Kitobning do’stlari» mavzusida noan’anaviy o’yinlarni o’tkazish o’quvchilarning darslik – kitobga nisbatan mehrini yanada oshiradi. Maktabda «Yashayver, darslik» tadbirining o’tkazilishi ijobiy natijalar berishi maktab jamoasining yutuqlaridan biridir. «Yashayver, darslik» ishini olib borish bo’yicha ishchi guruhi tuziladi, u barcha sinf o’quvchilaridagi darsliklarning ahvolini o’rganadi, baho beradi. «Kitob mening hayotimda», «Darslik – bebaho boylik», «Kitob bilim manbai», «Darsliklar olamiga sayohat» kabi mavzularda suhbatlar, debatlar, mualliflar bilan uchrashuvlar, nashriyot xodimlari bilan savol-javoblar kabi tadbirlarni o’tkazish maqsadga muvofiq. Shuningdek, sinflar o’rtasida darsliklarni yaxshi saqlash, asrab-avaylash, ularga to’g’ri muomala qilish bo’yicha musobaqalar tashkil etish, g’olib sinf o’quvchilarini maktab devoriy gazetasi, maktab radiouzeli orqali muntazam tanishtirib borishi, lozim bo’lganda ommaviy axborot vositalari orqali yoritish, g’olib o’quvchilarni ibrat qilib ko’rsatishi boshqa sinf o’quvchilarini ham darsliklarni yaxshi saqlashga undaydi, darslikni ozoda va butun saqlagan har bir o’quvchini rag’batlantirish keyingi o’quv yilida ham darsliklarni yaxshi saqlanishiga zamin yaratadi. — kutubxonachilar bilan hamkorlikda o’quvchi-yoshlarning badiiy adabiyotga bo’lgan qiziqishlarini uyg’otish, mustaqillik yillarida yaratilgan adabiyotlarga bo’lgan qiziqishlarini o’stirish, turli nashr namunalaridan bahramand etish maqsadida «She’riyat gulshani», «Kitob-mening do’stimsan», «Kitob mo’’jizaga chorlaydi», «G’olib kitobxon», «Bilimdon kitobxon», «Kitob haftaligi» kabi tadbirlarni o’tkazishni tavsiya etamiz. Kitob haftaligi davomida «Ertaklar dalasi», «Ona tabiat quchog’ida», «Bolalar ertaklari qirg’og’i», «Kitob shahriga sayohat» mavzusida adabiy o’yinlar o’tkazish. — “Avesto” ma’naviyatimizning noyob namunasi ekanligi, tabobat ilmida ulkan kashfiyotlarni amalga oshirgan Abu Ali ibn Sinoning “Tib qonunlari” asari Evropa universitetlarida olti asr davomida darslik sifatida o’qitilayotganligi, ulug’ bobokolonimiz buyuk mutafakkir, algebra fanining asoschisi al Xorazmiy, ikkinchi muallim Sharq Aristoteli deb tan olingani, Abu Nasr al Forobiy, qomusiy olim Abu Rayhon al-Beruniy, astronomiya fanining etuk yulduzi Mirzo Ulug’bek, o’zbek adabiy tilining asoschisi, buyuk shoir Alisher Navoiy, benazir muhaddis Ismoil Buxoriy, tasavvuf ilmining buyuk allomalari Ahmad Yassaviy, Abduxoliq G’ijduvoniy, Bahovuddin Naqshband, Mahmud Zamaxshariy va boshqalarning asarlarini o’rganish; 1-4-sinflar bo’yicha quyidagi tadbirlarni amalga oshirish: — O’quvchilarni turli to’garaklarga jalb etish, ularning mehnat namunalarini, ishlarini ko’rgazma sifatida ko’rsatish; — milliy o’yinlarimiz bo’yicha musobaqalar o’tkazish. Bu o’yinlar tarixi haqida ota-bobolari, buvi-momolaridan ma’lumotlar yig’ish. (chillak, besh tosh, oq terak-ko’k terak, chir-chir, bekinmachoq); — mustaqillik yillarida yurtimizda yangi bunyod etilgan inshootlarga, tabiat qo’yniga sayohatlar uyushtirish, tuman va qishloqlardagi e’tiborga molik qadamjolar tarixini o’rganish. — “Tabiatni asrang” mavzusida ekolog olimlar bilan suhbat o’tkazish; — “O’zbekiston – mening Vatanim” mavzusida she’rxonlik, rasm, qo’shiqlar tanlovlarini tashkil qilish; — “Biz tinchlik istaymiz” mavzusida she’r, qo’shiq, rasm va devoriy gazetalar tanlovini o’tkazish; — yozuvchi va shoirlarning uy-muzeylariga tashrif buyurish; — “Kitoblarni asraymiz” tadbiri. Maktab kutubxonasiga yordam uyushtirish. “Kitob – ma’naviyat sarchashmasi” mavzusida tok-shou o’tkazish; 5-9- sinflarda “Tinchlik”, “Tenglik”, “Hamkorlik”, “Birdamlik”, “Totuvlik” rejasi asosida: — “Vatan tuyg’usi”, “Mustaqillikni mustahkamlash, “Istiqlol va men,” mavzulariga murojaat qilinib, ularga chuqurroq yondashish talab qilinadi: — “Ajdodlarimiz merosini o’rganamiz” ko’rik-tanlovini o’tkazish; — “Maktabim – baxtim” mavzusida devoriy gazetalar tanlovi; — “Bola huquqlari to’g’risida Konventsiya” bilan o’quvchilarni tanishtirish. “Inson huquqlari, ongli fuqaro, mustaqillik odimlari” rejasi asosida quyidagi tadbirlar o’tkaziladi: — “Huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish” mavzusida huquq-tartibot organlari xodimlari bilan suhbatlar, uchrashuvlvr uyushtirish; — “Og’usiz dunyo sari” mavzusida davra suhbati, mazkur mavzuga oid audio, video materiallarni namoyish qilish, giyohvandlik, orttirilgan immunitet sindromi (OITS) haqida ma’lumotlarni sharhlab berish; — mahalla oqsoqoli va posboni bilan hamkorlikda “Mahalla – demokratiya darsxonasi” mavzusida suhbat uyushtirish; — joylardagi “Ma’naviyat va ma’rifat” markazlari xodimlari bilan davra suhbatlari uyushtirish; — yozuvchi, shoir, matbuot xodimlari bilan uchrashuvlar tashkil etish; — hududdagi mashhur insonlar bilan uchrashuv tashkil qilish; — “Yangi avlod vakillari” ishlari asosida hududlardagi Vatan xizmatiga otlangan yigitlar bilan uchrashuv. O’zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan harbiy islohatlar, uning Vatan taraqqiyoti bilan bog’liq tomonlari haqida tuman mudofaa bo’limi xodimi suhbatini uyushtirish; — “Oila – jamiyat gultoji”. Ibratli, piru badavlat oilalar davrasida bo’lish, ulardagi ibratli an’analarni jonli muloqat asosida o’rganish; Ta’lim muassasasida qizlarni turmushga tayyorlash maqsadida “Balli, qizlar” tanlovi, «Qizlar klubi», «Bahs» klubi tashkil etib xotin-qizlar qo’mitasi «Kamolot» YoIH bilan hamkorlikda «Oila», «Salomatlik», «E’zoz», «Oqibat», «Qadriyat», «Oila – chirog’i ayol» mavzusida davra suhbatlari, savol javoblar, bilim-ring, tok-shoular o’tkazish; — Qizlar o’rtasida kasbga muhabbat madaniyatini shakllantirish, kasbni to’g’ri tanlashga yo’naltirish maqsadida ta’lim maskanlari va mahallalarda kasb yo’nalishlari bo’yicha ma’ruzalar va suhbatlar uyushtirish; — Qizlar o’rtasida kasbga muhabbat madaniyatini shakllantirish, kasbni to’g’ri tanlashga yo’naltirish maqsadida ta’lim maskanlari va mahallalarda kasb yo’nalishlari bo’yicha ma’ruzalar va suhbatlar uyushtirish. “Ma’naviyat kuni”ning mavzulari cheklanmagan, yuqorida ta’kidlaganimizdek, bu juda serqirra tushuncha. Hayotdagi ibrat ko’zi bilan qarash mumkin bo’lgan an’ana, marosim, tajribalarning barchasidan bu kunga mavzu topish, yo’naltira bilish muhim. Yuqoridagi mavzular, albatta taxminiy. Istardikki, “Ma’naviyat kuni”ni o’tkazishda yuzakilikka, shoshma-shosharlikka yo’l qo’ymaslik, ish sifatida qaralmasligi kerak. Ma’naviy-ma’rifiy ruhdagi tadbirlar har oyning oxirgi jumasida, darsdan so’ng tashkillashtirilsa, ta’lim sifati, samaradorligiga ijobiy ta’siri bo’lar edi. Tadbirlarni o’tkazishda foydalaniladigan taxminiy mavzular ro’yxati 1. Ma’naviy- ma’rifiy yo’nalishda: «Vatan sajdagoh kabi muqaddasdir», «Yaxshilik va yomonlik nima», «Ma’naviyatimiz yulduzlari», «Odobli bola — elga manzur», «O’zbekiston yagona Vatan», «Sizni sharaflaymiz, aziz ustozlar», «Ma’naviyat umr chashmasi», «Til–dil ko’zgusi», «Do’stlik bilan go’zaldir olam», «Davlatimiz ramzlari muqaddas timsollar», «Ogohlik davr talabi», «Men nechun sevaman — O’zbekistonni», «Uch buyuk kadriyat: ma’naviyat, axloq-odob va ma’rifat», «Yoshlar — yurt tayanchi», «Sog’lom avlod – yurt kelajagi», «Mehnat obro’ va baxt keltirar», «Kitob bizning do’stimiz», «Ilm – baxt kaliti», «Mahalla — tarbiya maktabi», «Donishmandlar bisotidan». 2. Ekologiya yo’nalishida: «Biz tabiatni sevamiz», «Tabiat soqchilari», «Tabiat sirlari», «Tabiat- umumiy uyimiz», «Biz yashayotgan o’lka», «O’zbekistonning qizil kitobini bilasizmi?», «Suvni tejang — u hayot manbai», «Tabiat va biz», «O’zbekistonning o’simlik va hayvonot dunyosi», «Daraxtlar haqida qanday tushunchaga egasiz», «Tabiat tuhfalari», «Nima zarar, nima foydali», «Gullar va qushlar bayrami» haqida bilasizmi?, «Tabiat olami», «25-iyul-Orol kuni» munosabati bilan «Orol bizning taqdirimizda», «Tomchi suvda – hayot jilvasi» 3. Sport- soglomlashtirish yo’nalishida: «Salomatlik-tuman boylik», «Sog’lom avlod orzulari», «Sog’ tanda-sog’ aql», «Quvnoq startlar», «Shaxmat-shashka aql gimnastikasi», «O’zbek kurashining jahondagi mavqei», «Umid nihollari, kelajak sport ustalari», «Sportimiz yulduzlari», «Sport-barkamollik mezoni», «Sog’ligim-boyligim», «Sog’lomlik-komillik», «Sog’lom-avlod kelajak tayanchi» 4. Texnika, ixtirochilik va ijodkorlik yo’nalishida: «Hunarli kishi xor bo’lmas», «Sahna mening hayotim», «Kichkina demang bizni», «Zukko bolalar», «Isteododli bolalar — Vatan ishonchi», «Yosh fazogirlar», «Maftunkor ranglar jilosi», «Yosh aviamodelchilar — faxrimiz», «Yosh avtomobilchi va raketasozlar g’alabalari», «Parvoz qilaver, varragim», «Texnika- sirli tilsim». 5. Hukukiy va iqtisodiy tarbiya yo’nalishida: «O’z huquqingni bilasanmi», «Konstitutsiya – baxtimiz qomusi», «Siz tarixni bilasizmi?», «Siz qonunni bilasizmi?», «Oila manfaatlari nima?», «Bola huquqlari to’g’risidagi Konventsiya»ni bilasizmi?, «Inson huquqlari dekloratsiyasi to’g’risida», «Bozor iqtisodiyoti nima?», «1-iyun O’zbekistonning Milliy valyutasi qabul qilingan kun», «Bolalar va iqtisodiy tarbiya», «Tejamkorlik –baxtli kelajagimiz omili». Tadbirlarni tashkil etishda o’quvchilarning yosh xususiyatlarini e’tiborga olish talab etiladi.

О Qobiljon Umarov

Fidoying bo`lgaymiz seni, O`zbekiston !

Fikr qoldiring

Sizning emailingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.To'ldirish shart bo'lgan bandlar *

*