Hafta kunlari

Hafta kunlarini nomlanishi doirasida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni amalga oshirish va ta’lim-tarbiya jarayonini muvofiqlashtirish bo’yicha yo’riqnoma

 Ta’lim muassasalarida sog’lom ijtimoiy-psixologik muhitni shakllantirish, yosh avlodga zamon talablari va milliy qadriyatlar asosida ta’lim-tarbiya berish, ta’lim muassasalarida o’quv-tarbiya jarayonining sifati va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, o’quvchilarning bilim olishga intilishi, qiziqishi va tashabbuslarini qo’llab-quvvatlash, ijtimoiy faolligini oshirish, qobiliyatlarini ro’yobga chiqarish, bilim va ko’nikmalarini mustahkamlash, vatanparvarlik tuyg’usini rivojlantirish, ularning bilimli, odob-axloqli, sog’lom fikrli, ma’naviy barkamol shaxslar bo’lib etishishiga ko’maklashish, o’quvchilar o’rtasida cog’lom raqobatni shakllantirish hamda faol o’quvchilar erishayotgan natijalarni targ’ib qilish va ommaviyligini ta’minlash maqsadida haftaning har bir kuni nomlandi.

Shuningdek, umumta’lim maktab o’quvchilarining nazoratsiz qolishi, ular tomonidan sodir etilishi mumkin bo’lgan huquqbuzarlik, jinoyatchilik, daydichilik-tilamchilik, zararli odatlar yo’liga kirishi, giyohvandlik, alkogol va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilishi, surunkali dars qoldirishi kabi salbiy holatlarning oldini olish hamda bo’sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga qaratilgan hamkorlikda profilaktik tadbirlarni tizimli amalga oshirish ko’zda tutilgan.

Umumta’lim maktabi direktoriga hafta kunlarining nomlanishi bo’yicha har bir kunga tegishliligi bo’yicha buyruq bilan direktor o’rinbosarlari, bosh etakchi, metod birlashma raislarini biriktirish hamda barcha tashkiliy ishlarni muvofiqlashtirish va nazorat qilish yuzasidan shaxsiy mas’uliyat yuklatiladi.

Bunda, ta’lim-tarbiya jarayonining yaxlit va uzluksiz ishlashini ta’minlash hamda o’quvchilarning yoshini inobatga olgan holda sinf rahbarlari, “Kamolot” va “Kamalak” sardorlari va faol o’quvchilar ishtirokida reja asosida har bir kunning nomlanishi bo’yicha targ’ibot-tashviqot ishlari olib boriladi hamda amaliy ko’mak beriladi.

Yuqorida qayd etilganlardan kelib chiqib, hafta kunlarining nomlanishi bo’yicha quyidagilar asosida tizimli ish tashkil etish maqsadga muvofiqdir. Xususan:

Dushanba   – “Siyosiy va iqtisodiy bilimlar kuni”da:

 

– umumta’lim maktablarida dushanba kuni o’tkaziladigan “Saflanish” va “Birinchi dars”larda o’quvchilarning siyosiy-iqtisodiy bilim va ko’nikmalarini mustahkamlashga qaratilgan “Dunyoda va mamlakatimizda bo’layotgan ijtimoiy-iqtisodiy yangiliklar” haqida ma’lumot berish. Shuningdek, maktabgacha  ta’lim muassasalarida ilk siyosiy-iqtisodiy ta’lim-tarbiyani bolalarning kundalik faoliyatidagi o’yin va mashg’ulotlar orqali singdirib borish;

– o’quvchilarning siyosiy-iqtisodiy saviyasini yuksaltirishga qaratilgan tadbirlar (“Yosh xuquqshunos” va “Yosh iqtisodchi” to’garak (klub)lari faoliyati doirasida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari va olimlar bilan uchrashuvlar, suhbatlar) tashkil etish.

Seshanba    –  “Sport va sog’lomlashtirish kuni”da:

 – o’quvchi va tarbiyalanuvchilar o’rtasida jismoniy barkamollikni,   sportning ommaviy va milliy turlari hamda xalq o’yinlarini keng targ’ib qilish;

– o’tkazilgan so’rovnomalar asosida jismoniy tayyorgarlik va muntazam sport bilan shug’ullanadigan o’quvchilar uchun zaruriy shart-sharoitlarni yaratish va doimiy monitoring yurgazish;

– ta’lim muassasalaridagi mavjud sport zallari va maydonchalari, ulardagi  jihozlarning holatini nazorat qilish, butligini ta’minlash hamda doimiy faoliyati uchun o’qituvchi va o’quvchilarning mas’uliyatini oshirish;

– ta’lim muassasalaridagi sport zali va maydonchalaridan  to’laqonli, maqsadli foydalanish yuzasidan tasdiqlangan jadval asosida sport turlari bo’yicha sport sektsiyalari faoliyatini nazorat qilish;

– sportni ommaviyligini ta’minlash bo’yicha voyaga etmaganlarning yoshini inobatga oligan holda turli sport musobaqalari (“Sog’lomjon-polvonjon”, “Quvnoq startlar”, “Umid nihollari” va boshqa)ni tashkil etish.

Chorshanba  “Huquqiy savodxonlikni oshirish kuni”da:

 

– maktabgacha ta’lim muassasalarida ilk huquqiy ta’lim-tarbiyani bolalarning  kundalik faoliyatidagi o’yin va mashg’ulotlar orqali singdirib borish;

– umumta’lim maktablarida o’quvchilarning yosh xususiyatidan kelib chiqib, ularning huquqiy savodxonlikni oshirish, huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan targ’ibot ishlarini kuchaytirish;

– huquqiy ta’lim-tarbiya va targ’ibotni rivojlantirishga qaratilgan huquqiy-me’yoriy hujjatlar bilan ta’minlash (darslik va adabiyotlar, “Huquqiy savodxonlik burchagi”), shu asosda amalga oshirilayotgan ishlarni nazorat qilish;

– ta’lim muassasalarida “Huquqiy savodxonlik” to’garaklari faoliyati doirasida o’qituvchilar, o’quvchilar va ularning ota-onalarining huquq va majburiyatlari haqida huquq-tartibot idoralari xodimlari, diniy ulamolar va mutaxassislar ishtirokida profilaktik turkum tadbirlar (uchrashuv, yakka tartibda suhbat, javol-javob, amaliy-mashg’ulot, seminar-trening va tanlovlar) tashkil etish.

Payshanba  – “Ota-onalar kuni”da:

– “Ota-onalar majlislari”ni (sinf, umumiy maktab bo’yicha) mazmunli va maqsadli tashkil etish. Bunda, farzandning kamol topishi, ta’lim-tarbiyasi, kasb-hunar va jamiyatdagi o’z o’rnini egallashida  ota-onalarning burchi, vazifasi va qonun bilan belgilangan majburiyatlarini to’laqonli bajarilishiga mas’ulligini singdirish;

– farzandning ta’lim-tarbiyasi va hulq-atvoridagi yutuqlari va mavjud bo’shliqni to’ldirish yuzasidan har bir o’quvchi uchun tuzilgan “Ijtimoiy pasport” ni muntazam boyitib borish va monitoring yurgazish;

– farzandlarning ta’lim-tarbiyasi va kasb-hunarga yo’naltirishda otalarning rolini kuchaytirish maqsadida “Otalar majlisi”ni tizimli o’tkazish (“Otalar majlisi” har chorakning oxirgi yakshanba kuni sinflarda va kasb-hunarga yo’naltirish bo’yicha kasb-hunar ta’limi muassasalari bilan hamkorlikda);

– ota-onalarning ta’lim muassasalari bilan hamkorligini kuchaytirish, farzandining o’qishi, “Maktabning ichki tartib qoidalari”ga to’liq rioya qilishi,  darslardagi ishtiroki va faolligi bilan yaqindan tanishtirish maqsadida ularning ishtirokida “Ochiq dars”lar tashkil etish;

– “Oila, mahalla, maktab” hamkorligi markazi va “Jamoat kengashi” faoliyatlari doirasida o’quvchilar orasida “Maktabning ichki tartib qoidalari”ni buzish, o’z joniga qasd qilish, zo’ravonlik, hayosizlik va shafqatsizlik, ichkilikbozlik va giyohvandlik illatlarini oldini olish hamda ularni milliy mentalitetimizga yot zararli ta’sirlardan, past saviyali “Ommaviy madaniyat” xurujlaridan himoya qilishga qaratilgan tadbirlarda faol ishtirokini ta’minlash.

Juma –  “Ma’naviyat kuni”da:

– “Ma’naviyat va ma’rifat” xonasini tasdiqlangan ish tartibiga muvofiq  mazmunli va samarali faoliyat yuritishini ta’minlash;

– o’quvchi va tarbiyalanuvchilarni bo’sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida reja asosida madaniyat maskanlariga oilaviy va tashkiliy ravishda jalb etish, mustaqillik yillarida yurtimizda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, ayniqsa ta’lim sohasida erishilgan yutuqlar bilan tanishtirish va dars jarayonida olgan bilimlarini mustahkamlash yuzasidan Toshkent shahri va viloyatlardagi tarixiy qadamjolar, muzeylar va tabiatning betakror go’shalarida “Ochiq dars”lar tashkil etish;

– ta’lim muassasalari kutubxonalari va axborot-resurs markazlarida turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar (“Adabiyot kunlari”, “Kitobim-oftobim”, “Kitob taqdimoti” nomli madaniy-ma’rifiy tadbirlar, “Eng yaxshi kitobxon o’quvchi”, “Kitobxon maktab”, “Eng bilag’on o’quvchi” tanlovlari, “Maktab-kutubxona-oila-jamoat tashkilotlari” xayriya tadbiri, ota-onalar o’rtasida “Bir farzandga-uch kitob” aktsiyasi) hamda hududdagi taniqli ijodkor va san’atkorlarning ijodiy to’garaklarini tashkil etish va ular bilan hamkorlikda “Drama to’garaklari”da kichik sahna ko’rinishlarini sahnalashtirish;

– o’quvchilarni maktabdan bo’sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish va bilimlarini mustahkamlash maqsadida ularni fan va qiziqishlari bo’yicha hamda maktabdan tashqari ta’lim muassasalari to’garaklariga jalb qilish, monitoringini yurgazish;

– o’quvchilar o’rtasida qarovsizlik, nazoratsizlik, huquqbuzarliklarni oldini olish, milliy mentalitetimizga yot zararli ta’sirlardan, past saviyali “Ommaviy madaniyat” xurujlaridan himoya qilishga qaratilgan profilaktik tadbirlarni (huquq — tartibot idoralari, “Mahalla” jamg’armasi, “Kamolot” YoIH bilan hamkorlikda “O’quvchi” va masjidlarda nazorat reydlari, imom xatiblar ishtirokida yakka tartibda profilaktik suhbatlar, turli tanlovlar) tashkil etish;

– ta’lim-tarbiya jarayonini muvofiqlashtirish maqsadida o’zini-o’zi boshqaruv tuzilmalari (umumiy o’rta ta’lim maktablaridagi “Kamolot” YoIHning boshlang’ich tashkiloti, “Ota-onalar universiteti”, “Oila, mahalla, maktab” hamkorligi markazi, “Jamoat kengashi”, “Vasiylik kengashi”, “Tarbiyaviy soatlar” va boshqa) faoliyatidan keng foydalanish.

 

 

Shanba “Ozodalik kuni”da:

 

– darsdan bo’sh vaqtda, har bir sinf uchun biriktirilgan hududda, tasdiqlangan rejaga muvofiq obodonlashtirish-ko’kalamzorlashtirish (hashar) va sinfda tozalash ishlarini amalga oshirish;

– “Maktabning ichki tartib qoidalari”ga to’liq rioya qilgan, o’zining namunali hulqi, fanlarni o’zlashtirishdagi yutuqlari va umumta’lim maktabi hayotidagi faolligini inobatga olib rag’batlantirish (yuqori natijalarga erishgan o’z vazifasiga vijdonan yondoshgan o’qituvchilarni maktab ma’muriyati tomonidan mukofotlash yoki moddiy rag’batlantirish). Shuningdek, “Maktab ichki tartib qoidalari”ni buzganligi uchun intizomiy choralar ko’rish (Ota-onasining ish joyiga, turar joyidagi mahalla qo’mitasiga salbiy xolat yuzasidan xat yuborish, “Saflanish”larda alohida ko’rsatib o’tish);

– hafta davomida o’quvchilarning xulq-atvorlari haqida sinf rahbarlari tomonidan kundalik daftarlarida tegishli fikrlarni bildirish va ota-onalar bilan hamkorlikda nazoratni kuchaytirish;

– oilada, mahallada va maktabda ekologik tarbiya  va tafakkurni  shakllantirish, atrof muhit va tabiatga bo’lgan ijobiy munosabatni  rivojlantirish maqsadida turli tadbirlar (“Ekologiya kelajagimiz”, “Tomchi suvda hayot jilvasi” kabi ko’rik tanlovlar) o’tkazish.

О Qobiljon Umarov

Fidoying bo`lgaymiz seni, O`zbekiston !

Fikr qoldiring

Sizning emailingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.To'ldirish shart bo'lgan bandlar *

*